Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabining oʼquvchilari «Ipak yoʼli boʼylab matematik sarguzashtlar» loyihasi ishtirokchilari

Janubiy Koreyaning Inha universiteti qoshidagi iqtidorli oʼquvchilar uchun moʼljallangan oʼquv markazining bir guruh iqtidorli oʼquvchilari va ularning ustozlari «Ipak yoʼli boʼylab matematik sarguzashtlar» deb nomlanuvchi dastur doirasida yurtimizda mehmon boʼlishdi.

Safar davomida mehmonlar Vatanimizning diqqatga sazovar joylariga tashrif buyurish bilan bir qatorda, oʼzbekistonlik iqtidorli oʼquvchilar bilan doʼstlik rishtalarini oʼrnatmoqdalar.

Dastur doirasiga kiruvchi bir kunlik seminar-trening poytaxtimizdagi Toshkent shahar Yoshlar ittifoqi saroyida boʼlib oʼtdi. Seminarda ikki mamlakat yoshlari axborot texnologiyalari va matematika sohasida erishgan yutuqlari bilan oʼrtoqlashdilar.

Tadbirda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi АKT yoʼnalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib oʼqitishga ixtisoslashgan maktab va poytaxtimizdagi 246-son maktab oʼquvchilari, Toshkent shahridagi Inha universitetining professor oʼqituvchilari, talabalari ishtirok etdilar.

Tadbir doirasida ishtirokchilar Oʼzbekiston va Janubiy Koreyaning urf-odatlari va madaniyati bilan yaqindan tanishdilar. Toshkent shahridagi Inha universitetida faoliyat yuritgan professor Jeanam Park seminar ishtirokchilariga Oʼbekistonning tarixiy obidalari va xalq amaliy sanʼati haqida maruza oʼqidi.

Kelgusida bunday dasturlar hamda doʼstlik uchrashuvlarini mazmun jihatidan boyitish va yanada kengaytirish rejalashtirilgan.

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan